Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanida bo‘lganida aholiga malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bo‘yicha namunali oilaviy poliklinikani aynan shu tumanda tashkil etish taklifini kiritgan edi. Ushbu tashabbus doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda darhol qo‘shma reja ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati tahliliy o‘rganildi va mazkur maqsad uchun tanlandi.
Poliklinika Chaqar, Chorsu, Qoratosh, Gulbozor mahallalarini qamrab olgan bo‘lib, 26 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, hududda joylashgan uchta maktab, bitta kollej va to‘rtta bog‘chaga ham 47-oilaviy poliklinika birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatadi. Ushbu vazifani poliklinikada faoliyat yuritayotgan kardiolog, endokrinolog, ginekolog, nevropatolog, okulist, otolaringolog, stomatolog kabi tor mutaxassislar hamda 15 nafar umumiy amaliyot shifokori va 32 nafar patronaj hamshira sidqidildan bajarib kelmoqda. Bundan tashqari, poliklinika zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG, rentgen apparatlari bilan jihozlangan.
Qisqa vaqt ichida poliklinika faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, tubdan isloh qilindi. Bunda asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samarasini yanada yaxshilash, shifokor qabuliga kirish uchun navbatlarni qisqartirish, kasalliklarni erta aniqlash va patronaj ishlarini o‘z vaqtida maqsadli olib borish, shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatini samarali tashkil etishga qaratildi.
Ayni damda Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati havas qilsa arzirli darajaga yetgan. Tibbiyot muassasasiga kirishdanoq poliklinika faoliyatining asosiy mezoni xalq roziligi ekanini anglash mumkin.
Izoh (0)