AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Szinpin bilan 2-iyul, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida Vashington Pekin yordamiga tayanmay, o‘z kuchi bilan Shimoliy Koreyaga bosim o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
The New York Times nashrining suhbat tafsilotlari bilan tanish manbalariga ko‘ra, ikki yetakchining muloqoti “iltifotli, biroq ochiq va dangal” ruhda kechgan.
“Pekinning Shimoliy Koreyaga bosim o‘tkazishni istamasligidan hafsalasi pir bo‘lgan AQSh prezidenti Xitoy yetakchisiga yadro aslahasiga ega bo‘lgan Pxenyanga bosim o‘tkazish masalasida mustaqil harakat qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi”, — deyiladi gazetada chop etilgan maqolada.
Shu bilan birga, Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotda Tramp Si Szinpinga “KXDR yadro va raketa dasturi tug‘dirayotgan xavf ortib borayotgani”ni ko‘rsatib o‘tgani ta’kidlangan, xolos.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya 4-iyul, seshanba kuni navbatdagi ballistik raketani uchirdi.
Izoh (0)