Kecha Germaniya terma jamoasi Konfederatsiyalar kubogida zafar quchdi. Ha endi nemislardan kutsa bo‘ladi, deyishingiz mumkin. Hayratlanarli tomoni, nemislar Rossiyaga deyarli ikkinchi tarkib futbolchilari bilan kelgandi.
2014-yilgi mundialning kubok ko‘targan faqatgina uch futbolchi tarkibga kiritilgandi. Ioaxim Lyov qolgan yulduzlarni Konfederatsiyalar kubogi uchun ovora qilib o‘tirmadi. Chunki Yevro—2016 yarim finaliga qadar yetib borgan tajribali mutaxassisni JCh—2018 ko‘proq qiziqtiradi.
Bu bilan uning uchun Konfederatsiyalar kubogi ahamiyatli emas demoqchi emasman. Shunchaki, Lyov Rossiyaga olib kelgan yosh futbolchilari ham o‘zini ko‘rsata olishiga ishona oladi, garchi yarim finalga yetib kelganiyoq uni xursand qilganini aytgan bo‘lsa-da. Ikkinchi tomondan, zaxira futbolchilarini katta g‘alabalarga o‘rgatish uchun bundan ham yaxshiroq turnirni u topa olmasdi. Oradagi katta tanaffuslari bilan o‘tadigan JCh saralash bosqichlari umuman boshqa olam, qandaydir ikki hafta ichida o‘tadigan Konfederatsiyalar kubogi esa butunlay boshqa.
“Nemis mashinasi”dagi stabillik
Germaniya termasi o‘zi ishtirok etadigan har qanday futbol musobaqasiga favorit sifatida tashrif buyuradi. Biroq ularning hammasida sovrindor ham bo‘lishning uddasidan chiqa olmagan. Nahotki bu ilojsiz ish bo‘lsa?Yo‘q, deb javob bera oladi bugun nemislar. Chunki ular katta muvaffaqiyatlarni odatga aylantirish formulasini allaqachon topib bo‘ldi. 2006-yildan buyon o‘tkaziladigan katta musobaqalarga e’tibor bering, ularning hammasida Germaniya kamida uchlikka kirishning uddasidan chiqa olgan:
Germaniya so‘nggi 10 yillikda
JCh—2006 — bronzaYevro—2008 — kumushJCh—2010 — bronzaYevro—2012 — bronzaJCh—2014 — oltinYevro—2016 — bronza
1998-yilgi Jahon chempionatida nemislar chorak finalga qadar yetib borib, Xorvatiyadan yirik mag‘lubiyat qabul qilib olgandi — 0:3. O‘sha yili xorvatlar JChni bronza bilan yakunlab, katta shov-shuv ko‘targani rost. Ammo yaqin-yaqingacha Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan Xorvatiyaning qudratli Germaniya darvozasiga 3 ta gol urib tashlashi nemislarni jiddiy o‘ylantirib qo‘ygandi.
Oradan ikki yil o‘tib Germaniya Yevro—2000 da sharmandali natija qayd etdi. Portugaliya, Ruminiya va Angliya bilan bir guruhga tushgan nemislar uni 1 ochko bilan oxirgi o‘rinda tugatdi. Ilk turda ruminlar bilan arang 1:1 hisobida durang o‘ynagan Germaniya, ketidan inglizlardan 0:1, portugallardan 0:3 hisobida yengildi.
Yevro—2004 Germaniya uchun so‘nggi sharmandali turnir bo‘lib qoldi. Guruhda Gollandiya va Latviyani taslim qila olmagan nemislar, chexlarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
To‘g‘ri, 2002-yil Germaniya JCh finaliga qadar yetib bordi. Bu yuqorida aytilgani kabi gap — nemislar o‘zlari favorit bo‘lgan turnirlarda oldinroq ham ora-chora muvaffaqiyatli o‘ynab turishgan. Lekin bu o‘zini hurmat qiladigan mamlakat uchun kam edi. Ular yuqori natijalar doimiy bo‘lishini istardi. Futbolni isloh qilish orqali bunga erishildi. Keltirib o‘tilgan muvaffaqiyatsizliklar bunda katta turtki bo‘ldi.
Konfederatsiyalar kubogi
Rossiyaning “Sports.ru” nashri Konfederatsiyalar kubogida zafar quchgan Germaniya termasiga oid qiziqarli faktlarni sanab o‘tdi. Yevro—2016 da barchani o‘ziga qaratgan Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari emas, Argentinani ketma-ket ikki bor Copa America g‘olibligidan mosuvo qilgan Chili ham emas, aynan nemislarning kubokka ega chiqishi bu yurt futboliga bo‘lgan hurmatni oshiradi. Mana shu jamoaning o‘rtacha yoshi 24 ga 244 kunni tashkil qilgani esa o‘sha hurmatni ikki karra ko‘paytiradi va Germaniya futboli to‘g‘ri yo‘lda degan xulosaga sabab bo‘ladi.Rossiyaga kelgan 11 futbolchi 25 yoshdan kichik edi. 10 futbolchi esa turnirga qadar bosh jamoa safida 5 ta ham uchrashuv o‘tkazmagandi. Chiliga qarshi finalda Ioaxim Lyov 11 klubning 11 futbolchisini maydonga tushirdi. Hatto zaxira tarkibida ham u bir yoki ikki klubga bog‘lanib qolmaganini hammaga ko‘rsatdi.
Konfederatsiyalar kubogiga qadar Lars Shtindl Germaniya termasi libosida bitta ham o‘yin o‘tkazmagandi. U o‘zining debyut musobaqasida 3 ta gol urishga erishdi. Finalda aynan Shtindlning zarbasi hal qiluvchi rolni o‘ynadi. Bu vaqtda u 29 yoshda edi. Mana shunday paytda futbol jurnalisti Xayrulla Hamidov o‘z sahifasiga qo‘ygan jumlani keltirish o‘rinli: “O‘zbekistonda terma jamoaga futbolchi yetishmayotgan bir paytda, Germaniyada futbolchilarga terma jamoa yetishmayapti”.
Qo‘shaloq bayram
Germaniya futboli uch kun ichida ikki katta natijaga erishdi. Konfederatsiyalar kubogidan tashqari, mamlakatning U21 terma jamoasi Yevropa chempionatining finalida Ispaniyani taslim qildi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Vaholanki, unda ham nemislar optimal tarkib bilan jam bo‘lmagan, bir qator yetakchi futbolchilarni Lyov Rossiyaga olib ketgandi.Bu qiziq. O‘sha U21 va Konfederatsiyalar kubogida zafar quchgan Germaniya termasining o‘rtacha yoshida bor-yo‘g‘i ikki yilga farq qiladi. Birinchisida ko‘rsatkich 22 yosh-u 275 kunlik bo‘lsa, milliy termada bu 24 yosh-u 244 kunlik.
Ioaxim Lyov
Futbol muxlislariga uni ortiqcha tanishtirib o‘tirishning hojati yo‘q. Shunchaki statistika keltirish bilan cheklansak, yetarli. Rasmiy musobaqalarda Lyov Germaniya termasini 94 ta o‘yinda maydonga boshlab tushdi va shularning 74 tasida zafar quchishga erishdi (11 ta durang va 9 ta mag‘lubiyat). Bu 78,7 foizlik ko‘rsatkich hisoblanadi. Havas qilsa arzigulik natija.Lyov murabbiyligida Germaniya milliy terma jamoasi futbolchilari uchun alohida dastur ishlab chiqildi. Uning yordamida termaga chaqirilgan futbolchilar telefonidan uzoqlashmay turib ham bo‘lajak raqiblarni o‘rganib borish imkoniyatiga ega. Alohida mutaxassislar tahlillarga asoslangan faktlarni, futbolchilar haqida alohida, jamoa haqida alohida “shpargalka”larni dasturga joylab chiqadi. Bunda raqibning to‘pni qanday qabul qilishidan tortib, driblingi qanday ekanigacha, qaysi oyog‘ida zarbasi kuchliroq ekanigacha e’tibordan chetda qolmaydi. Raqibning tayyorgarlik rejasi grafikalar asosida ko‘rsatiladi.
Dastur ichida alohida chat ham mavjud. Uning yordamida barcha murabbiylar bilan onlayn aloqa o‘rnatish mumkin. Hammasi zamonaviy.
Nemislar terma jamoa bosh murabbiyini olib tashlashni so‘rab, portalga yoki kanslerga murojaat qilmaydi. Bunda murabbiylar ayni bir shaxs tomonidan tayinlanmaydi, futbol shu sohaning ilmli kishilari tomonidan boshqariladi, mayda detallarga qadar jiddiy e’tibor beriladi. Aytmoqchi bo‘lganim, Germaniya futboli o‘rgansa va o‘rnak olsa arziydigan jihatlarga to‘la. Ular bugungi muvaffaqiyatlarni o‘sha 2000-yillardan boshlab sabr bilan kutdi va hammasiga bosqichma-bosqich erishdi. Nemislar bor-yo‘g‘i ikki o‘yin bilan tarixni o‘zgartirib yuborishga va mamlakat futbolida inqilob qilishga intilmadi. Chunki ular tasodifiy natijalarni kutishdan charchagandi va doim maksimum uchun kurashish kerakligini tushungandi.
Yaqin o‘tmishda ham Germaniya termasida doim yaxshi nomlar bo‘lgan Kloze, Podolski, Shvaynshtayger, Lam, Ballak, Kan… Ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo bu zamonaviy futboldagi kata g‘alabalar uchun kam. Hozir nemis futbol maktabi har yili yangi nomlarni yetishtirib bermoqda. O‘smirlar termasidan to milliy termaga qadar bo‘lgan yo‘l bir-biriga shu qadar chiroyli bog‘langanki, aytaylik, Konfederatsiyalar kubogiga dabdurustdan chaqirib qolingan futbolchi o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Lyov ham, boshqalar ham buni yaxshi biladi.
Izoh (0)