Andijon shahrining “Yaxshi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xizmat o‘tayotgan patrul-post xodimlari 30-iyun kuni soat taxminan 13:00 atrofida mahalladan oqib o‘tuvchi Andijonsoy kanalida behush holda oqib kelayotgan fuqaroni ko‘rib qolib, uni suvdan olib chiqdi.
Andijon viloyati IIBdan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, patrul-post xodimlari suvdan olib chiqilgan fuqaroni zudlik bilan Andijon davlat tibbiyot institutining klinik shifoxonasiga olib borgan va jabrlanuvchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
“Patrul-post xodimlari tomonidan suvdan olib chiqilgan fuqaroning ahvoli hozirda yaxshi”, — deyiladi viloyat IIB axborotida.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida kanaldan olib chiqilgan fuqaro asli Andijon shahar Safoiy mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi V.Asqarov ekanligi va suvga bexosdan tushib ketgani ma’lum bo‘lgan.