Rossiya mezbonligida o‘tayotgan Konfederatsiyalar kubogining finalida Chili va Germaniya terma jamoalari to‘p suradi.

Foto: Getty Images

Yarim finalning birinchi o‘yinida chililik futbolchilar Portugaliyani penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etgandi. Jahonning amaldagi chempioni Germaniya esa Meksika ustidan yirik g‘alabaga erishdi.

Bellashuvning dastlabki 10 daqiqasidayoq Leon Goretska dubl qayd etib, nemislar g‘alabasiga shubha qoldirmagandi. Ikkinchi bo‘limda Ioxim Lyov jamoasini yirik g‘alabani ta’minladi.

Germaniya terma jamoasi o‘yindan o‘yinga kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin. Avvaliga Osiyo yetakchisi sifatida Rossiyaga tashrif buyurgan Avstraliya nemislar darvozasiga ikki bor yo‘l topishga muvaffaq bo‘lgandi — 3:2. Keyinroq Chiliga qarshi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi va guruhdagi so‘nggi uchrashuvda Kamerun taslim etildi — 3:1. O‘z guruhida 7 ochko jamg‘argan Meksika postining to‘rt bor ishg‘ol etilishi, yuqoridagi fikrga isbot bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Chili va Germaniya termalarining guruh bosqichidagi o‘yinida Aleksis Sanches hisobni ochgan, nemislar 41-daqiqada Lars Shtindlning goli bilan mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi.

Konfederatsiyalar kubogining final uchrashuvi 2-iyul kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Poytaxt Moskvada shu kuni Portugaliya va Meksika termalari musobaqaning 3-o‘rin sohibini aniqlab berish uchun maydonga chiqadi.

Konfederatsiyalar kubogi

Yarim final

29-iyun, chorshanba

Germaniya — Meksika 4:1

Gollar: Leon Goretska, 6 (1:0). Leon Goretska, 8 (2:0). Timo Verner, 59 (3:0). Marko Fabian, 89 (3:1). Amin Yunus, 90+1 (4:1).