Qarilikka qarshi kurashish muammosi bilan borgan sari ko‘proq kompaniyalar shug‘ullanmoqda. Investorlar bu g‘oyaga ishonib, unga jiddiy mablag‘lar kirita boshladi, deb yozadi Forbes.
1-iyun kuni Stenford universiteti olimi Jessi Karmazinning chiqishi Amerika OAVlarida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U Ambrosia startapi 35 yoshdan katta barcha istovchilarni organizmni yoshartirish maqsadida 25 yoshdan kichik kishilar qon plazmalarini quydirishga taklif qildi. Muolaja qiymati — 8 ming dollar. Uning so‘zlariga qaraganda, bu muolajani asosan 50—60 yoshda bo‘lgan 80 dan ortiq kishi qabul qilgan, ular orasida 90 dan oshganlari ham bor. Karmazin muolaja qimmatligini xarajatlarni qoplash zarurati, birinchi navbatda, AQSh qon banklaridan “yosh” plazmalarni xarid qilish zarurati bilan asoslaydi.
Mazkur tadqiqotlarga kelib chiqishi nemis bo‘lgan amerikalik milliarder, PayPal asoschilaridan biri Piter Til qiziqish bildirdi.
Firibgarlikmi? Karmazin bunday emasligini ta’kidlaydi (u hali 35 yoshga kirmagan). Shunchaki, qonuniy klinik tadqiqot — rasmiy kelishuv yoshartirishni va’da qilmaydi, aksincha bemorlarga muolajadan keyingi ikki yil davomida sog‘lig‘i holati bo‘yicha testlardan o‘tish majburiyatini yuklaydi.
Shunga qaramasdan, Karmazin qon plazmalarini quyish qarilikni chekinishga majbur qilishiga ishonadi. U Stenfordda o‘n yildan ortiq vaqt davomida qon quyish samarasini sichqonlarda o‘rgandi va bu usul kemiruvchilarda ish berishiga ishonch hosil qildi.
Ko‘plab farmatsevtika kompaniyalari, shuningdek, kichikroq startaplar saraton, Alsgeymer xastaligi, yurak-qon tomir xastaliklari va qandli diabetga qarshi dorilar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Bu xastaliklarni bir narsa — yosh o‘tishi bilan ularning yuzaga kelish ehtimoli keskin oshishi uyg‘unlashtirib turishi olimlarni o‘ylantirmoqda. Shuning uchun ularni “keksa yosh xastaliklari” guruhiga birlashtirishdi. Shu onda o‘ziga jalb etadigan fikr yuzaga keladi: balki bu xastaliklarning umumiy sababi bordir?
Yosh o‘tishi bilan yuzaga keladigan holsizlik va organizm qarshilik ko‘rsatish qobiliyatining kamayishi “tabiiy” holat bo‘lmasdan, davolash mumkin bo‘lgan kasallik bo‘lsa-chi?
Qarilikka qarshi kurashish bilan kimlar shug‘ullanayotgani va ular bunga qancha mablag‘ sarflayotgani bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Kompaniya: Calico (AQSh)
Investor: Google va AbbVie
Investitsiya hajmi: 1,5 milliard dollar
Calico 2013-yilda Google kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Yangi tashkilotga onkologik xastaliklar bo‘yicha mutaxassis va Genentech sobiq bosh direktori Artur Levinson rahbarlik qildi. 2014-yilda Calico va Amerikaning biotexnologiya bilan shug‘ullanuvchi AbbVie kompaniyasi qo‘shma korxona tashkil etishi haqida e’lon qildi. Unga har bir kompaniya 750 million dollardan investitsiya kiritish majburiyatini oldi. Asosiy maqsad — qarish genetikasini o‘rganish va kelajakda inson hayotini uzaytirib, keksa yosh xastaliklari, hatto keksalikning o‘zini ham yengishga yordam beruvchi dorilar ishlab chiqish.
Bularga qanday qilib erishilishi hozircha sir tutilmoqda.
Alphabet bosh direktori Larri Peyj Calico oldida turgan vazifalar ko‘lamini “insonni Oyga yuborish” bilan qiyosladi.
Kompaniya: Novartis
Investor: Novartis
Investitsiya hajmi: noma’lum
Shveysariyaning ulkan farmatsevtik kompaniyasi Novartis 1980-yillarning o‘rtalaridan buyon ma’lum bo‘lgan rapamitsin hosilalarini tadqiq etmoqda. U organ ko‘chirishda to‘qimalarning bitib ketmasligi holatlarini kamaytirish uchun keng qo‘llanilgan. Keyinroq u sichqonlarda qarish alomatlarini to‘xtatish qobiliyatiga ega ekanligini tasdiqlovchi tadqiqot paydo bo‘ldi.
2014-yilda chop etilgan tadqiqot natijalari everolimusning (rapamitsin hosilasi) kichikroq dozalari keksa bemorlarda immun tizimi faoliyatini yaxshilashini namoyish etdi.
Kompaniya: Gero (Rossiya)
Investor: xususiy investorlar
Investitsiya hajmi: 2 million dollar
Fizik Pyotr Fedichev boshchiligidagi olimlar jamoasi matematik modellashtirish yordamida qarish oldini oluvchi vositani topishga urinib ko‘rishga qaror qildi. Olimlarga saratonga qarshi dori vositasini ishlab chiqish bo‘yicha boshqa startap — Quantum Pharmaceuticals’dagi muvaffaqiyatli tajribasi yordam bermoqda.
Gero kompaniyasi biobanklardan sog‘lom va bemor kishilar to‘qimalari namunalarini xarid qilib, ularning biokimyoviy tahlilini raqamli shaklga o‘tkazadi va kompyuter modellarida qarish jarayonini sekinlashtirish imkonini beruvchi turli ta’sir ko‘rsatish usullarini sinab ko‘radi. Bunday yondashuv tadqiqotni ancha tezlashtirish imkonini beradi.
Kompaniya: Unity Biotechnology (AQSh)
Investor: Amazon asoschisi Jeff Bezos va boshqalar
Investitsiya hajmi: 116 million dollar
Unity Biotechnology organizmni senessent (qarigan) hujayralardan “tozalash” usullarini tadqiq etadi. Vaqt o‘tishi bilan hujayralar bo‘linishni to‘xtatadi, ularda moddalar almashinuvi jarayoni tezligi sekinlashadi va o‘zgarishlar (mutatsiya) to‘plana boshlaydi. Organizmning immun tizimi ulardan xalos bo‘lib boradi, biroq vaqt o‘tishi bilan keksaygan hujayralar miqdori oshib boradi va turli xastaliklar yuzaga kelish xavfini oshiradi.
2016-yil oxirida Unity olimlari sichqonlarda o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi. U ateroslerotik toshmalarning yuzaga kelishi sichqon organizmida keksaygan hujayralar mavjudligi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi. Kompaniya tomonidan yaratilgan dori vositasi organizmni ushbu hujayralardan tozalashga yordam berib, ateroskleroz rivojlanishi jarayonini to‘xtatib, uni hatto orqaga qaytardi.
Kompaniya: “Tartis-stareniye” (Rossiya)
Investor: Skolkovo, RBK
Investitsiya hajmi: 750 million rubl atrofida
Moskva davlat universiteti virusologiya kafedrasi bitiruvchisi Andrey Gudkov ishtirokida asos solingan mazkur kompaniya ham organizmni keksaygan hujayralardan tozalash usullarini qidirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya ushbu asosda prostata bezi giperplaziyasini davolash uchun mo‘ljallangan Rapatar dori vositasini ishlab chiqqan. Vosita hayvonlarga nisbatan qo‘llanganda yuqori samaradorlik ko‘rsatgan, bu esa ushbu yo‘nalishdagi keyingi tadqiqotlarga yo‘l ochadi.
Izoh (0)