AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyaning 2016-yilgi prezident sayloviga aralashuvini javobsiz qoldirmaslik uchun elektron chora-tadbirlar ko‘rish haqida topshiriq bergan edi. Bu haqda The Washington Post gazetasining 23-iyun kuni chop etilgan surishtiruvida aytildi, deb xabar beradi Meduza.
Aytilishicha, gap maxsus ishlab chiqilgan maxfiy dastur haqida ketmoqda — u Rossiya elektron infrastrukturasidagi zaifliklarni aniqlaydi va uning tarmoqlariga kerakli vaqtda butun tizimni ishdan chiqara oladigan implantlarni joylashtiradi.
Implantlarni ishlab chiqish AQSh milliy xavfsizlik agentligiga topshirilgan. AQSh hukumati ulardan Rossiya tomonidan yangi tajovuz amalga oshirilgan taqdirda foydalanishi mumkinligi aytilmoqda.
Hozircha operatsiya boshlang‘ich pallada turibdi. Dasturni baholash topshirilgan idoralar implantlarni nazorat qilish qiyin dasturlar deb baholadi, ammo ayrim holatlarda ularning qo‘llanishi Rossiyaning tajovuziga munosib javob bo‘ladi, degan xulosaga keldi.
Dasturdan foydalanish-foydalanmaslik haqidagi qarorni Obamaning davomchisi — Donald Tramp qabul qiladi. Lekin uning ustidagi ishlarni davom ettirish uchun maxsus xizmatlarga prezidentning ma’qullashi talab etilmaydi. Shu bilan birga, yangi prezident maxsus buyruq bilan loyihani to‘xtatishi mumkin, ammo bunday buyruq hozircha berilmagan.
Surishtiruvda, shuningdek, Barak Obama ma’muriyati Rossiyaning xakerlik hujumlariga qarshi ko‘rgan boshqa choralariga ham o‘rin berilgan.
2016-yil avgustida Markaziy razvedka byurosi direktori Jon Brennan Oq Uyga maxfiy hisobot bergan. Hisobotda kiberhujumlarga shaxsan Vladimir Putin topshiriq bergani aytilgan. Hujumlardan ko‘zlangan maqsad Hillari Klintonning saylovdagi g‘alabasiga to‘sqinlik qilish edi. Javob choralari haqida Obama faqat o‘sha yilning dekabrida ma’lum qildi — o‘shanda Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar e’lon qilinib, 35 nafar rossiyalik diplomat AQShdan chiqarib yuborilgan edi.
Obama shuningdek AQSh o‘z bilganicha javob choralari ko‘rishini aytib o‘tgan edi. Bu choralar doirasida qator kiberhujumlar uyushtirilgan, ammo Kreml ularning barchasini osonlik bilan bartaraf qilgan edi. Hujumlardan ko‘zlangan maqsad Rossiyaga AQShning kiberimkoniyatlarini ko‘rsatish edi.
Ammo bu choralarni prezident ma’muriyati yetarli deb topmagan. Shunga qaramay, mansabni tark etishidan oldin Obama Rossiyaga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqmaslikka qaror qilgan.
28-dekabr kuni The Washington Post Obama ma’muriyati Rossiya hujumlariga qarshi javob choralari bo‘yicha farmonni qayta ko‘rib chiqishga uringanini ma’lum qilgan edi, lekin implantlar loyihasi haqida faqat 23-iyun kuni ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)