Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya va Qirg‘iziston moliya vazirlari Moskva tomonidan Bishkekning qarzlaridan kechilishi haqidagi bayonnomalarni almashganini ma’lum qildi. Bu haqda u ikki tomonlama muzokaralar yakunlariga ko‘ra bayonot berdi, deb xabar qiladi “Gazeta.ru”.
“Qayd qilib o‘tmoqchi edimki, Rossiya tomonidan juda katta va real moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Mana bugun moliya vazirlari Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi qarzlaridan kechilgani haqidagi bayonnomalarni almashdi”, — dedi Atambayev.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Bishkekka beg‘araz moliyaviy yordam berishda davom etishini ta’kidlab o‘tdi. Putinning so‘zlariga qaraganda, Qirg‘iziston budjetini qo‘llab-quvvatlashga Rossiya tomonidan har yili 30 million dollar taqdim etiladi.
“Interfaks”ga ko‘ra, Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi qarzi 240 million dollarni tashkil qilgan. Endilikda Qirg‘iziston bu pullarni qaytarish majburiyatidan ozod etildi.
Izoh (0)