Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari shaxsni tasdiqlovchi hujjat degan maqomga ega bo‘lib, ular xorijda foydalaniladigan ID-kartalarning muqobili bo‘ladi. Bu bo‘yicha 19-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 389-sonli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Uz24.
Hujjatga ko‘ra, yangi guvohnoma plastikdan tayyorlanib, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JSh ShIR) hamda qurilmalar o‘rtasida kontaktsiz ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi (NFC smart-kart) bilan ta’minlanadi.
2021-yilning 1-yanvariga qadar texnik ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar, avtotransportga egalik qilish yoki undan foydalanish uchun ishonchnoma, fuqarolik majburiyati sug‘urta polisiga egalik bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi — ular NFC chipi ichiga kiritiladi.
Ushbu hujjatlarning qog‘oz shaklini majburiy rasmiylashtirish bekor qilinadi.
Shuningdek, eski namunadagi haydovchilik gvohnomasini almashtirish jarayoni soddalashtirildi. Qarorga muvofiq, yangi haydovchiik guvohnomasini olish uchun haydovchilar faqat pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda talon taqdim etadi.
Ichki ishlar organlari tizimida AKT xizmatini joriy etish bilan O‘zbekiston Respublikasi IIV qoshidagi “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmati ko‘rsatish markazi” shug‘ullanadi. Markaz, shuningdek, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani hamda ichki ishlar organlari faoliyati doirasidagi boshqa hujjatlarni olish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga zarur hujjatlarni yig‘ish va tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Izoh (0)