Surxondaryo viloyatida turar-joyga ehtiyojmand va mehnatga layoqatsiz bir guruh nogiron xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mazkur voqeaga bag‘ishlab Sherobod tumani hokimligida o‘tkazilgan tadbirda aytilishicha, O‘zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalariga uy yoki turar-joy qurish uchun yer ajratilishini so‘rab murojaat qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Turar-joyga muhtoj fuqarolar orasida mehnatga layoqatsiz nogiron xotin-qizlar ham bor. Ularni bepul zamonaviy tikuv dastgohlari bilan ta’minlash, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi korxonalarga kasanachilik asosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.
“Ikkinchi guruh nogironiman, — dedi Chinobod mahallasida istiqomat qilayotgan Muqaddas Shaydulova. — Guvaladan qurilgan kichkina hovlida ikki oila yashaymiz. Bir qizimiz bor. Turmush o‘rtog‘im fermer xo‘jaligi ishchisi. Uy sotib olishga imkoniyatimiz yetmaydi. Tikuvchilik kasbiga juda qiziqaman. Zamonaviy tikuv mashinasi xarid qilish katta orzuim edi. Mana, bugun zamonaviy tikuv mashinasini bepul berib, kasanachi sifatida ishga qabul qilishdi. Endi barcha buyurtmalarni uyda o‘tirib bajarib beraman. Eng muhimi, ishli bo‘ldim. Xudo xohlasa, hademay yangi uyli ham bo‘lamiz. Bunday samarali tizim yo‘lga qo‘yilganidan xursandmiz”.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E. Turdimov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)