Vazirlar Mahkamasining 7-iyundagi qarorigag muvofiq, haj va umra ziyoratlariga borishni tashkil qilishda bir qator o‘zgarish va yangiliklar joriy etiladigan bo‘ldi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Jumladan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga ziyoratchilar uchun aviachiptalar narxini tushirish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi. Shuningdek, doimiy yashash joyini o‘zgartirgan shaxslar ham safar amalga oshirish navbatini saqlab qoladigan bo‘ldi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari diniy boshqarmasiga joylardagi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ro‘yxatlar tuzishda ijtimoiy adolat va xolislik prinsiplariga asoslanish topshirildi. Ikki oylik muddat ichida boshqarma saytida ziyoratchilar uchun yagona onlayn navbat tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hujjatda belgilanishicha, ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning barcha bosqichlari bepul asosda Toshkentda, Nukusda hamda viloyatlar markazlarida o‘tkaziladi.
2017-yili O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga boradigan ziyoratchilarning umumiy miqdori 20 foizga oshib, 13,2 ming kishini tashkil qilgan edi. Jumladan, hojilar uchun ajratilgan kvota 1,4 barobarga o‘sib, 7200 kishini tashkil qildi. Umra safariga boruvchilar soni 6 ming kishiligicha qolgan edi, ammo yuqoridagi qarorga binoan, ularga ajratiladigan kvota endilikda 10 mingga yetkazildi.
Izoh (0)