Toshkentdagi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida temir yo‘l konteynerlaridan biri o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati katta inspektori Husen Tangriyev ma’lum qildi.
Konteynerdagi 20 tonnadan ortiq yuklar Latviyadan Toshkentda faoliyat yurituvchi Modern sweet ma’suliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan bo‘lib, ular orasidagi salkam 5 tonna-yu 800 kg shokolad va saqichlarning iste’mol muddati deyarli 3 yil avval o‘tib bo‘lgan ekan.
Ustiga-ustak, AQShning Wrigley kompaniyasi mahsuloti hisoblanmish Truth or dare (FIVE) ya’ni “Haqiqat yoki jur’at” deb balanparvoz nom bilan atalgan saqichlar qadog‘idagi yozuvdar ham yoshlarning ongini zaharlashga undovchi g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgani ma’lum bo‘ldi.
Yorliqlardagi chaqiriqlarga ahamiyat bering:
“Bo‘sa oling!”,“Shahvoniy ovozda gaplashing!”,“Bo‘sangiz suratini ijtimoiy tarmoqa joylashtiring!”,“Xonadagi eng chiroyli odamdan bo‘sa so‘rang”,“Qo‘lsiz yechining!”“Yoshlikdagi eng ahmoqona ishingizni takrorlang!”“Do‘stingizning belidan barmoqlaringiz uchi bilan silang!”“Kimningdir orqasidan muzqaymoq oting!”
Bu kabi da’vatlarning, topshiriqlarning soni esa 745 mingdan oshadi!
Xo‘sh, bu da’vatlardan nima kutish mumkin? Yoshlarni oshkora odobsizlik va chirkin odatlarga yetaklayotgan chorlovlar zamirida aslida “Ko‘k kit”, Pokemon Go, “Tinch uy” kabi o‘zini o‘zi o‘ldirishga majburlovchi xavfli o‘yinlar targ‘iboti mujassam emasmi? Bunday saqichni chaynab ko‘rgan o‘spirin undagi topshiriqlarni bajarib ko‘rishi tabiiy! Chunki, odatda o‘smirlar atrofdagilarga o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatishga ishtiyoqmand bo‘ladi va har qanday o‘yinda g‘oliblikka intiladi, deyiladi xabarda.
Bir qarashda bu xaridorni tovarga nisbatan jalb qilish usulidek tuyulishi mumkin. Aslida esa, bu kabi saqichlar vositasida vayronkor g‘oyalarni Internet hali to‘liq kirib bormagan, unchalik ommalashmagan chekka-chekka hududlargacha yoyishdek jirkanch maqsad ko‘zlangani aniq, deya ta’kidlanadi xabarda.
3-iyun kuni Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida salkam 560 kg saqichlar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilib tashlandi. Shu tariqa, vayronkor g‘oyalarning 745 ming dona targ‘ibot vositasi yo‘q qilindi.
Izoh (0)