Rossiyaning Chelyabinsk shahrida istiqomat qiluvchi Tatyana Tuganova mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘limi hamda perinatal markaz ustidan sudga arz qildi. Shikoyatda aytilishicha, 30 yil muqaddam ushbu tug‘ruqxonada uning yangi tug‘ilgan qizalog‘i almashtirib qo‘yilgan. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Shikoyat bo‘yicha dastlabki eshituvlar 12-iyulga mo‘ljallangan.
Tuganova tomonidan tarbiyalangan qiz — Yekaterina ijtimoiy tarmoqlar orqali ayol 3 million rubl miqdorida tovon puli talab qilayotganini hamda ushbu pullarni qiyin vaziyatda qolgan biologik qizi Lyutsiyaga berishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Yekaterinaning yozishicha, u va Lyutsiya tug‘ruqxonada almashib qolgan. Lyutsiya boshqird oilasining tarbiyasini olgan, ammo uning hayoti bir tekis kechmagan: oila otasi slavyancha qiyofaga ega qizni ko‘rib, rafiqasini hiyonatda gumon qila boshlagan. U bir qishloqdoshini qizining haqiqiy otasi deb o‘ylab, uni rashk ustida o‘ldirib qo‘ygan. Bir necha yildan so‘ng Lyutsiyaning onasi ichkilikdan qazo qilgan, qiz esa mehribonlik uyida qolib ketgan.
Hozirda Lyutsiya eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogiron, negaki ota-onasi bolaligida uni davolamagan, xastalik esa qizning qulog‘iga va eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Izoh (0)