Qozog‘istonning Jambil viloyati hokimligi, ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jambil viloyati hokimi Karim Kokrekbayev boshchiligidagi delegatsiya Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari va mamlakatlarimiz hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mehmonlar Jizzax politexnika instituti, Olimpiya zaxiralari kolleji, viloyat tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, “Jizzaxplasteks” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Sharof Rashidov tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan zamonaviy uy-joylarni ko‘rdi.
Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘ydi. Xiyobondagi “Nuroniylar maskani” majmuasida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar faoliyati, “Do‘stlik uyi”da madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar, viloyat qozoq milliy madaniyat markazi faollari bilan o‘tkazilgan samimiy suhbat mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya a’zolari “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yengil va kichik yuk avtomashinalari, mikroavtobuslar, qishloq xo‘jalik texnikalari uchun batareyalar ishlab chiqaradigan “Jizzax akkumulyator zavodi” sexlari, zavod laboratoriyasi, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Jizzax shahrida tashkil etilgan sanoat yarmarkasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. G‘allaorol tumanidagi “Sangzorparranda” MChJda yetishtirilgan go‘sht mahsulotlari, Jizzax shahridagi “Ecoclimat” MChJning shisha-tola buyumlari, “JizzaxPlastex” qo‘shma korxonasi mahsulotlari, Sharof Rashidov tumanidagi “Davurbek Jilosi” MChJning qandolat mahsulotlari, Do‘stlik, Zomin, Zarbdor, Paxtakor, Forish, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlari sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan xalq iste’moli mollari sifati va zamonaviy dizayni bilan mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Izoh (0)