Panamaning sobiq prezidenti (2009—2014-yillar) Rikardo Martinelli 12-iyun, dushanba kuni Amerikaning Florida shtati Mayami shahrida hibsga olindi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Operatsiya Lotin Amerikasi respublikasi Oliy sudi talabnomasi bo‘yicha Federal marshallar xizmati tomonidan o‘tkazildi. Siyosatchiga nisbatan joriy yilning 22-may kuni Interpol tarmog‘i orqali qidiruv e’lon qilingan edi.
Martinelli 2015-yilning yanvar oyi oxirida Panamani tark etgan edi. 2016-yilning iyunida panamalik sudya Xeronimo Mexiya AQSh hukumatiga uni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovnomani yubordi.
Lotin Amerika mamlakati hukumati Martinellini telefon orqali muzokaralarni noqonuniy tinglash, shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblamoqda. Agar u sud jarayonida aybdor deb topilsa, unga 21 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi xavf qolmoqda.
Martinellining o‘zi Panamaning amaldagi hukumati tomonidan “siyosiy ta’qib qurboni”ga aylanganligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)