Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘rganishlar natijasi xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Senat raisi N. Yo‘ldoshev, tuman hokimi H. G‘oyirov va boshqalar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida muayyan yutuqlarga erishilayotgani, turli sohalarda qator loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani natijasida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi ortayotganini ta’kidladi.
Sessiyada yutuqlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham borligiga alohida e’tibor qaratildi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas. Kichik biznes subyektlarining 7 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti, bank kreditlari ajratilishi masalasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Sessiyada aholiga savdo va transport xizmati ko‘rsatish sifati va madaniyatini yaxshilash, tuman markazidagi madaniyat va istirohat bog‘i faoliyatini tiklash, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish, mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa masalalar ham tanqidiy tahlil qilindi.
Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman kengashi, doimiy komissiyalar, partiya deputatlik guruhlari faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Izoh (0)