Kolumbiya poytaxti bogotalik chiqindi tozalovchi Xose Alberto Gutyerres oxirgi 20 yil davomida chiqindixonalarga tashlab yuborilgan kitoblarni to‘pladi va uyida jamoat kutubxonasini ochdi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi, deb yozadi “DailyAfisha”.
Gutyerresning jurnalistlarga hikoya qilishicha, barchasi taxminan 20 yil avval axlat o‘rasidan Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanini topib olganidan boshlangan. U kitobni uyiga olib ketishga qaror qilgan. 20 yil o‘tib, kolumbiyalikning kitoblar kolleksiyasi 25 mingga yaqin kitobni o‘z ichiga oladi.
Gutyerresning uyida ochilgan kutubxona mahalliy maktab o‘quvchilari orasida mashhur. Ular kutubxona egasiga “Kitoblar lordi” deb nom berdi. Kolumbiyalik vatanida mashhurlikka erishdi hamda Janubiy Amerika va Meksikadagi kitob yarmarkalariga taklif etildi.
Gutyerresga kutubxona ishlarida uning rafiqasi va uch nafar farzandi yordam beradi. “Kitoblar lordi” xobbisiga arang vaqt topadi: uning chiqindi tozalovchi ishini hech kim bekor qilmagan, qolaversa, maktab imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U oilasidagi yetishmovchilik tufayli bolaligida o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Izoh (0)