58 yoshli italiyalik mutaxassis Luchano Spaletti keyingi ikki yil davomida Milanning “Inter” klubini boshqaradi. U bilan shartnoma tuzilgani borasida klub matbuot xizmati xabar berdi.
Spaletti so‘nggi mavsumni Rimning “Roma” klubida o‘tkazib, A seriyani 2-o‘rinda yakunladi. Chempionlik poygasida “bo‘rilar” Turinning “Yuventus” klubidan 4 ochko ortda qolib ketdi. Shu tariqa Totti hamda Spalettining Rimdagi faoliyati o‘z yakuniga yetdi.
Spaletti “Roma”ni 2005—2009-yil oralig‘ida ham boshqargan bo‘lib, ketma-ket uch yil Italiya vitse-chempionligiga erishgan. A seriya chempionligi baribir nasib qilmagan. Bu vaqt davomida “Roma” ikki marta Italiya kubogida va bir marta mamlakat Super kubogida g‘alaba qozonishga erishgan.
Murabbiy 2010 va 2012-yil Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi bilan Rossiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Yana ikki mavsum kumush medallar bilan cheklangan. Bir martadan mamlakat kubogi va Super kubogida muvaffaqiyat qozongan.
Milanning “Inter” klubi A seriyaning joriy mavsumini 7-o‘rinda yakunladi va xalqaro maydondan chetda qolib ketdi. Kelasi mavsum klub oldiga jiddiy vazifalar qo‘yiladi. Mana shu maqsad yo‘lida olib kelingan Spalleti iyul oyidan e’tiboran “Inter” futbolchilarini shug‘ullantirishni boshlaydi.
Izoh (0)