Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitini tizimli ravishda o‘rganish maqsadida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tashkil etib kelinayotgan tadbirlarda pasport tizimi qoidalarini buzish, noqonuniy o‘q otar qurollar va narkotik vositalarni saqlash holatlari ham aniqlanmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik bo‘limi “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” joriy etilganidan boshlab hozirgi kunga qadar sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga qaraganda 6,7 foizga kamayishiga erishildi. Jinoyatning og‘ir turlaridan qotillik 19,1 foizga, bosqinchilik 13,0 foizga, bezorilik 34,7 foizga va tan jarohati yetkazish 11,2 foizga kamaydi. Huquqbuzarliklarning oldini olishi bo‘yicha aholi bilan muntazam ravishda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, o‘tkazilgan tadbirlar davomida profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yashovchi B.Ikromovning (ism-shariflari o‘zgartirilgan) xonadoni tekshirilganida, Toshkent viloyati, Zangiota tumanida yashovchi S.Saidov va Namanganlik R.Amirbekovalarga 20.000 so‘m evaziga, jinsiy aloqa uchun sharoit yaratib berganligi aniqlanib, guvohlar ishtirokida qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan. Xuddi shunday holatlardan biri Bektemir tumanida ham aniqlangan. Farg‘onalik Sh.Farmonova (ism-shariflari o‘zgartirilgan) Farg‘ona Yo‘li ko‘chasidagi ko‘prik ostida samarqandlik X.Oripova va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi R.Avazovni 50 000 so‘m pul evaziga jinsiy aloqa qilishi uchun qo‘shmachilik qilayotganligi aniqlanib, guvohlar ishtirokida qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Asosiy e’tibor voyaga yetmaganlar va yoshlar tarbiyasiga qaratilib, o‘quvchi va talabalarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularning ta’lim muassasalaridagi davomatini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, dars mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmagan o‘quvchilar aniqlanib, ta’limga qaytarildi. Farzandlarini nazoratsiz qoldirgan ota-onalar va ta’lim muassasalari xodimlariga tegishli choralar ko‘rildi.