31-may kuni O‘zbekiston Prezidenti “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil qilish, sohaga ilg‘or fan-texnika yutuqlarini joriy etish, moddiy-texnika bazasini yangilash, tarmoqqa xalqaro grantlarni jalb qilish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi, deb xabar beradi O‘zA.
Farmon sharhida aytilishicha, farmon respublika yer resurslaridan foydalanish samaradorligini, qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini oshirish, shuningdek, soha faoliyatini takomillashtirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi.
Respublika uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar 4,3 million gektarni, yoki mamlakat umumiy maydonining 9,6 foizini tashkil etib, ularda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 95 foizdan ortig‘i yetishtiriladi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar quyidagilarni ko‘rsatmoqda:
joylarda yerdan nooqilona foydalanishning o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yetarli darajada tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;
qishloq aholi punktlarida va mahallalarda, ayniqsa, olis hududlarda yerlardan foydalanish holatini muntazam monitoring qilish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti;
mavjud xodimlar soni yer resurslaridan foydalanishni nazorat qilish va ularning hisobini yuritishni to‘liq amalga oshirish imkonini bermayapti.
Yuqoridagi kamchiliklar yerlardan oqilona va maqsadli foydalanish, shuningdek, tarmoqda qonun hujjatlariga rioya etish ustidan to‘laqonli ta’sirchan nazoratni ta’minlash imkonini bermayapti.
Qabul qilingan hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
yerdan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, kartografiya va geodeziya faoliyati bo‘yicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash;
yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan tizimli davlat nazoratini hamda qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi bo‘yicha davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
yer tuzish, yerdan foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish sohalarida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, yer resurslaridan foydalanish hamda yerdan foydalanish istiqbolini va sxemalarini prognozlashtirish va rejalashtirishda qatnashish;
uchuvchisiz apparatlardan foydalangan holda qishloq xo‘jalik yerlarini, qishloq xo‘jalik ekinlari va ularni parvarishlashni monitoring qilish, geodezik ma’lumotlar va kartografik materiallardan foydalangan holda sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi ishlashini ta’minlash va boshqalar.
Qabul qilingan hujjatda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)