Osiyoning 2016-yildagi eng yaxshi futbolchisi Umar Abdulrahmon haqida o‘zbekistonlik futbol muxlislari yaxshi biladi. Amirlik termasi va “Al-Ayn”dagi o‘yinlari sabab unga g‘oyibona muxlislik qiluvchi o‘zbekistonlik sport jurnalistlarini ham yetarlicha topish mumkin.
O‘zbekiston klublariga qarshi o‘yinlarni golsiz tark etmaydigan Umar Abdulrahmon yaqinda Osiyo nashrlaridan biri bilan suhbatda bo‘ldi. “Championat.asia” uni o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Osiyoda eng yaxshi futbolchi
Osiyoda kuchli futbolchilar ko‘p va ular orasida birinchi bo‘lish men uchun katta ahamiyatga ega. Bundan xursandman. Bu o‘z navbatida menga yanada ko‘proq ishlash uchun turtki beradi.Menga Zidanning o‘yini yoqardi. U futbol o‘ynashni juda oson qilib ko‘rsata olardi. Men ham unga o‘xshab o‘ynashga harakat qilganman. To‘pni nazorat qilish, pas yoki zarba berish — hammasini Zidandek bajarishga harakat qilardim.
Messi va Ronalduga kelsak, ular oddiy futbolchilar emas, balki super yulduzlar. Menga, shuningdek, Andres Inyestaning harakatlari ham doim ma’qul kelgan.
Umar Abdulrahmon, “Al-Ayn” futbolchisi
“Manchester Siti”da mashg‘ulot va London—2012
Menga klubdagi tartib-intizom va professionallik yoqqandi. “Manchester Siti”da ishga bo‘lgan munosabat juda yuqori, u yerda har bir mashg‘ulot xuddi o‘yinga o‘xshab o‘tadi. Agar sen mashg‘ulotlarda 100 foiz kuch bilan ishlasang, o‘yinda 110 foizlik ko‘rsatkich bilan harakat qilishingga to‘g‘ri keladi.Urugvay va BAA terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyin Luis Suares Umarning yoniga kelib, undan futbolka almashishni so‘ragandi.London Olimpiadasi? Bu men uchun unutilmas lahzalar bo‘lgandi. Men 2008-yil Xitoyda o‘tkazilgan Olimpiadada ham ishtirok etganman, lekin 2012-yilgi musobaqa butunlay boshqa hislar bilan yodda qolgan.
Umar Abdulrahmon, “Al-Ayn” futbolchisi
Bu qoyilmaqom vaziyat edi. Uchrashuv nihoyasiga yetgach, Suares oldimga kelib yaxshi o‘yin ko‘rsatganimni va shunday davom etishim kerakligini aytdi. Keyin biz o‘zaro futbolka almashdik va men juda xursand bo‘ldim.Buyuk Britaniya bilan o‘yindan keyin Rayan Giggz futbolkasini berdi. Bu hol kiyim almashtirish xonasidan chiqqanimdan so‘ng ro‘y bergandi. Men futbolkamni ichkarida qoldirgandim, tashqariga chiqsam, Giggz kutib turgan ekan. U menga futbolkasini berib, omad tiladi. O‘shanda oldimga Daniel Starrij ham kelib, nega Yevropada o‘ynamayotganim haqida so‘ragandi.
Umar Abdulrahmon, “Al-Ayn” futbolchisi
Yevropada o‘ynash haqida
Menda bo‘sh vaqt kam. Chunki doim mashg‘ulot yoki o‘yinda bo‘laman. Lekin bo‘sh paytim bo‘ldi deguncha, Yevropa futbolini ko‘raman. Menga “Arsenal”, “Barselona”, “Chelsi” va “Real” ishtirokidagi o‘yinlar yoqadi. Bu jamoalar texnik futbol namoyish etadi.Men o‘z kuchimga va grand klublarda o‘ynab keta olishimga ishonaman. Biz eng avvalo o‘zimizga ishonimiz kerak. Agar atrofingda yaxshi futbolchilar bo‘lsa, jamoaga tezda kirishib ketasan.
Menga Yevropadan ko‘plab takliflar bo‘ldi. Lekin “Al-Ayn” qo‘yib yuborishni istamadi. Qolaversa, o‘zim ham bu yerda baxtliman.
Umar Abdulrahmon, “Al-Ayn” futbolchisi
Soch turmagi va orzusi haqida
Yoshligimdan soch o‘stirishga qiziqardim, lekin kesib tashlash aslo xayolimga kelmagan. Men sochimni shunchaki o‘stirishni xohladim, bu bilan odamlarni o‘zimga qaratish niyatim bo‘lmagan.Agar Jahon chempionatida o‘ynash yoki Chempionlar ligasini yutishdan birini tanlashga to‘g‘ri kelsa, albatta mundialni tanlayman. Chunki u har to‘rt yilda bir marta o‘tadi va unda ishtirok etish osonmas. Chempionlar ligasi esa har yili bo‘laveradi va harakat qilinsa, uni yutsa bo‘ladi.
Umar Abdulrahmon, “Al-Ayn” futbolchisi
Izoh (0)