Fanni Lovenshteyn ismli ayol Plaza Hotel mehmonxonasida 35 yil davomida yashashga erishdi. Bu haqda Forum Daily xabar bermoqda.
Qiziq tomoni, Lovenshteyn derazalari Markaziy boqqa qaragan uch xonali nomer uchun oyiga bor-yo‘g‘i 500 dollar to‘lagan. Bunday nomerda bir kun turish uchun bugun ming dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Lovenshteyn The Plaza’ga 1958-yili eri Leo Lovenshteyn bilan ko‘chib o‘tgan. U payti mehmonxona uzoq muddatli ijarachilarni qidirayotgan edi. Oradan uch yil o‘tib, ayolning eri vafot etdi. Shundan buyon Fanni har oy davomida ijara haqini o‘zi to‘lab borgan. Lovenshteyn qonunni yaxshi bilgani va yaxshi advokat xizmati tufayli mehmonxonada bu qadar uzoq turishga erishdi.
Geri Layman 1977–2004-yillarda Plaza Hotel’ning advokati bo‘lgan. Uning so‘zlariga qaraganda, ayol o‘zini yomon tutgan va turli yo‘llar bilan maqsadiga erishgan.
“U hamma narsadan shikoyat qilar, nuqul baqirar edi. Men bunga guvoh bo‘lganim uchun aytyapman. Undan — sakson yoshli past bo‘yli ayoldan hamma qo‘rqardi”, — hikoya qiladi Geri Layman.
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp mehmonxonani sotib olganida, unga Fanni Lovenshteyn muammosi haqida gapirib berishgan. Lovenshteyn Trampning mehmonxona bo‘yicha rejalaridan norozi edi. Tramp ayolga o‘n barobar kattaroq xonani ijara haqisiz ham taklif qilgan. Lovenshteyn bunga rozi bo‘lgan.
Oxir-oqibat ayol xonasidagi bo‘yoqning zararli ekanligidan shikoyat qila boshlagan. U boshqa mehmonxonaga ko‘chib o‘tib, u yerda ijara haqini to‘liq o‘tagan va 85 yoshida vafot etgan.
Izoh (0)