Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatlarida mavsum to‘liq yakunlanmay turib, Angliyaning “Manchester Siti” klubi yirik xaridlardan birini amalga oshirdi. Bu haqda klub rasmiy sahifasi ma’lumot bergan.
O‘zining so‘nggi mavsumini “Monako” safida o‘tkazgan portugaliyalik yarim himoyachi Bernardu Silva endi “Manchester Siti” a’zosiga aylandi. Norasmiy manbalarning ma’lumot berishicha, futbolchining transferi 43 million funt sterlingni tashkil qilgan.
1994-yilning 10-avgust kunida tug‘ilgan Bernardu Silva katta futboldagi karyerasini “Benfika” safida boshlagan bo‘lib, 2014-yilga kelibgina “Monako” safiga ko‘chib o‘tgandi. O‘tgan davr davomida u Fransiya klubining 86 ta uchrashuvida maydonga tushdi va 22 ta gol urishga erishdi.
22 yoshli futbolchi “Benfika” bilan Portugaliya chempionligini va kubogini qo‘lga kiritgan. “Monako”ning Fransiya chempion bo‘lishida hissa qo‘shgan. 2015-yil Portugaliya yoshlari bilan Yevropa vitse-chempionligiga erishgan. Portugaliya milliy termasi safida 11 ta o‘yinda ishtirok etib, 1 ta gol urgan.
Kayfiyatim a’lo, endi dunyoning eng kuchli klublaridan birining a’zosiman. Bu men uchun sharaf. Gvardiola bilan ishlash imkoniyati paydo bo‘lganida, undan voz kechib bo‘lmasdi.Yangi mavsumni sabrsizlik bilan kutaman. “Siti” bilan katta yutuqlarni qo‘lga kiritish niyatidaman.
Bernardu Silva, “Manchester Siti” a’zosi
Ma’lumot uchun, Bernardu Silva Yevropa Chempionlar ligasining nimchorak finalidan joy olgan “Manchester Siti”ga qarshi har ikki o‘yinda ham maydonga tushib, “Monako”ning muvaffaqiyatli o‘yinlariga hissa qo‘shgandi. Shu tariqa musobaqaning yarim finaliga qadar yetib borgan “Monako” o‘z futbolchisini “Manchester Siti”ga pulladi.
Izoh (0)