Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi musobaqalarida ikki martadan zafar quchish hozirga qadar hech bir mutaxassisga nasib qilmagan. Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo bu borada birinchi bo‘lib olishi mumkin.
U “Portu”ni 2003-yilgi mavsum Yevropada nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turuvchi klublar musobaqasi — UEFA kubogida (hozirgi Yevropa ligasi) chempion qilgandi. Oradan bir yil o‘tib “Portu” Yevropa Chempionlar ligasida ham bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.
Mourinyo 2010-yil Milanning “Inter” klubi bilan ham Chempionlar ligasida zafar qucha oldi. Oradan yetti yil o‘tib u “Manchester Yunayted” bilan Yevropa ligasi finaliga qadar yetib keldi.
Bugun — 24-may kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da “Ayaks” va “Yunayted” klublari Yevropa ligasi bosh sovrini uchun final o‘yinida maydonga chiqadi. Mazkur uchrashuvdagi g‘alaba sabab Mourinyo shaxsiy rekordlarini yana bittaga ko‘paytirib, Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida ikki martadan g‘olib chiqqan yagona mutaxassisga aylanib olishi mumkin.
Izoh (0)