Bahrayn poytaxti Manama chetida ro‘y bergan politsiya va namoyishchilar to‘qnashuvi chog‘ida besh kishi halok bo‘ldi, o‘n kishi jarohatlandi. Bu haqda, qirollik ichki ishlar vazirligiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
23-may kuni Bahrayn politsiyasi poytaxtdan 12 kilometr naridagi Diraz qishlog‘ida maxsus operatsiya o‘tkazdi. U yerda mashhur shia ilohiyotchisi, mamlakatda taqiqlangan “al-Vifoq” harakati yetakchilaridan biri Iso Ahmad Qosim tug‘ilgan. 21-may kuni fuqarolikdan mahrum qilingan Ahmad Qosim bir yillik qamoq jazosiga uch yilga kechiktirish sharti bilan hukm qilindi. Bunga javoban uning tarafdorlari ilohiyotchining uyi atrofida sokin namoyish uyushtirdi.
Operatsiya chog‘ida 286 kishi ushlandi. Huquq-tartibot organlarining 19 vakili yaralandi.
Mamlakat aholisining asosiy qismi shialar bo‘lsa ham, hukmron al-Xalifa oilasi sunniylik mazhabidadir. Shialarning “al-Vifoq” harakati mamlakatda sunniy hukmronligiga qarshi chiqib, konstitutsion monarxiya o‘rnatishni, hokimiyatni qaytadan taqsimlab, boshqaruvni parlamentga hisobot beruvchi demokratik hukumatga topshirishni talab qilib chiqmoqda.
Izoh (0)