Fransiyaning “Milliy jabha” partiyasi rahbariyati Yevropa Ittifoqi tarkibidan ajralib chiqish hamda milliy valyuta — frankka qaytish borasidagi rejalaridan voz kechdi. Bu haqda partiyaning iqtisodiyot bo‘yicha strategi Bernar Bono bayonot berdi, deb xabar qilmoqda “RIA Novosti”.
Saylov kampaniyasi chog‘ida ushbu ikki tashabbus partiya ilgari surgan platformaning eng asosiy bandlari bo‘lgan edi. Ammo partiya yetakchisi Marin Le Pen saylovda Emmanyuel Makrondan mag‘lub bo‘ldi. Endilikda mag‘lub partiya siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqchi.
“Frekzit bo‘lmaydi. Biz Fransiya xalqi bizga nima deganini tushundik. Men hozir ham texnik jihatdan yevro maqsadga muvofiq emas deb hisoblayman, ammo buni zo‘rlab singdirib bo‘lmaydi. Bizning yangi siyosatimiz — Yevroittifoq doirasidagi kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish, o‘zimizga budjet va bank tizimi ustidan nazoratning katta qismini qaytarish”, — dedi siyosatchi Telegraph gazetasiga bergan intervyusida.
Izoh (0)