Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, bosh kotibi Van Chen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqa.
Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotganini, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11–13-may kunlari Xitoyga davlat tashrifi o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi.
Xitoy delegatsiyasi a’zolari Qonunchilik palatasi, uning qo‘mitalari, fraksiyalari va deputatlik guruhlari faoliyati bilan tanishtirildi. O‘zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlari, axborot-tahliliy faoliyat, ikki mamlakat soha mutaxassislarini jalb etgan holda xalqaro anjumanlar tashkil etishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Oliy Majlis Senati va Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi o‘rtasida 2011-yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risida memorandum o‘zaro aloqalar rivojida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Har tomonlama izchil rivojlanib borayotgan strategik hamkorlikdan kelib chiqqan holda ushbu hujjatni yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishning joriy bosqichi yuqori baholanishi ta’kidlandi, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr, tajriba hamda axborot almashish jarayonini yanada faollashtirishga kelishib olindi.
Izoh (0)