Yapon shahzodasi Akisinoning katta qizi, imperator Akixitoning birinchi nabirasi malika Mako o‘z kursdoshiga turmushga chiqadi. Bu haqda imperator saroyi ishlari boshqarmasi ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
Ayni paytda malika nufuzli Xitotsubasi universiteti aspiranturasida tahsil olmoqda. U 25 yoshli Key Komuro bilan besh yil muqaddam, Xalqaro xristian universitetida o‘qib yurgan kezlari tanishgan. Oradan bir yil o‘tib, yigit malikaga turmush qurishni taklif qilgan. Makoning ota-onasi — shahzoda Akisino va malika Kiko qizining bu qaroriga rozilik bergan. Imperator juftligi ham bundan xabardor. To‘y haqida rasmiy ma’lumot iyunda e’lon qilinadi, marosimning o‘zi 2018-yilga rejalashtirilgan.
Bu haqdagi xabarlar OAVda paydo bo‘lgach, imperator saroyi yangilikka izoh berishga qaror qildi.
“Biz nikoh haqida rasmiy axborotni mos pallada e’lon qilishni rejalashtirmoqdamiz, ayni paytda tayyorgarliklar bitmagan”, — dedi saroy ishlar boshqarmasi rahbari Sin’itiro Yamamoto matbuot anjumani chog‘ida.
U axborot OAVda muddatidan ilgari paydo bo‘lganidan afsusdaligini bildirdi.
“Agar bari reja bo‘yicha borsa, biz juda xursand bo‘lamiz”, — qo‘shimcha qildi amaldor.
Urf-odatga ko‘ra, aslzoda oilaga mansub bo‘lmagan kishiga turmushga chiqqan malika imperator oilasini tark etadi. Bu bilan imperator oilasining qisqarishi muammosi yanada o‘tkirlashadi. Mako oddiy fuqaroga aylangach, imperator oilasida 18 kishi qoladi, shulardan olti nafari turmushga chiqmagan qizlardir. 2005-yili imperator Akixito va uning rafiqasi Mitikoning yagona qizi malika Sayako Kuroda familiyali davlat amaldoriga turmushga chiqib, oiladan chetlashtirilgan edi. U, qonunga muvofiq, oilani tark etishi munosabati bilan 150 million iyena (1,3 million dollar) badal olgan edi.
Izoh (0)