Rossiyaning Novosibirsk shahridagi ko‘cha savdogarlari O‘zbekistondan keltirilgan gilosni sota boshladi. Yaqin kunlarda ushbu mahsulot savdo tarmoqlarida paydo bo‘ladi, deb xabar beradi “NGS. Novosti”.
“Sibirskiy Gigant” tijorat xoldingi tijoriy direktori Olga Zaninaning ma’lum qilishicha, gilos xoldingga tegishli taqsimlash markazlariga olib kelingan bo‘lib, 18-maydan tarmoq do‘konlarida paydo bo‘ladi.
Gilosning savdo markazidagi bir kilogrammi 484 rublni (O‘zbekiston Markaziy bankining 16-may kursi bo‘yicha 32 ming so‘mni) tashkil qilmoqda. Shahar ko‘chalarida esa kilogrammiga 450 rubl (30 ming so‘m) narxda Toshkentdan keltirilgan may gilosi sotilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Sibirga O‘zbekistondan gilos yetkazib berilishi keng tus olgan. Jumladan, Krasnoyarskda uning bir kilogrammi 548 rublni (salkam 36,5 ming so‘mni) tashkil etadi.
Olga Zaninaning aytishicha, shu paytgacha gilos Chilidan olib kelingan va uning narxi 1500 rubl atrofida (99,5 ming so‘m) bo‘lgan.
Izoh (0)