AQSh sohil bo‘yi qo‘riqlash xizmati Bagama orollari qirg‘og‘idan samolyot qoldiqlarini topgach, uning yo‘lovchilarini qidirish ishlarini boshlab yubordi. Bu haqda CNN telekanaliga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
15-may, dushanba kuni Puerto-Rikodan Florida tomon parvoz qilgan MU-2B samolyoti kunduzi Bagama orollari tarkibiga kiruvchi Elyutera orolidan 60 kilometr uzoqlikda radarlardan yo‘qolib qolgan.
Ma’lumotga ko‘ra, samolyot bortida AQShning to‘rt nafar fuqarosi — 40 yoshlardagi ayol, 52 yoshli erkak va ularning 3 va 4 yoshli farzandlari bo‘lgan.
Florida sohil bo‘yi qo‘riqlash xizmati vakili Erik Vudallning so‘zlariga qaraganda, Elyuteraning sharqiy tomonidan 25 kilometr uzoqlikdan topilgan qoldiqlar yo‘qolgan samolyotga tegishli. Voqea joyida qidirish ishlari davom etmoqda.