Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lib, odamlarni qiynayotgan muammolar hal etilmoqda, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati vakillari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari tomonidan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabullarda ham bu yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tumanlarda o‘tkazilgan har bir tadbirda tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, sud idoralari rahbarlari va tegishli tashkilotlar vakillari aholi murojaatlarini tingladi. Uch kun davomida sayyor qabullarda 778 murojaat ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning ko‘pchiligi uy-joy, moddiy yordam, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bolalar nafaqasi, alimentni undirish kabi masalalardir. Sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari ko‘rilishi, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi masalalari ham odamlarni ko‘proq o‘ylantirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Baxmal tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nishon Soatov hududdagi 36 xonadon tabiiy gazdan uzib qo‘yilganini ma’lum qildi. Murojaat tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqilib, shu yerning o‘zida qanoatlantirildi. Tumandagi Yo‘ldoshboy qishlog‘ida yashovchi Mahmudjon Xo‘jayevning qishloq yo‘lining nosozligi yuzasidan qilgan murojaatini hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar mutasaddilariga aniq topshiriqlar berildi. Sayyor qabulga tushgan 43 murojaatning barchasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.
Izoh (0)