O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z qutlovida o‘tgan chorak asr mobaynida ikki tomonlama aloqalar do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida kengayib borganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev “birgalikdagi amaliy harakatlarimiz va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bilan hamkorligimiz yanada chuqurlashib, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigi tobora mustahkamlanib boraveradi”, deb ishonch bildirgan.
Prezident Mamnun Husayn Pokiston hukumati va xalqi nomidan ushbu sana munosabati bilan samimiy tilaklar bildirib, “mamlakatlarimizni yaqin tarixiy, diniy va madaniy rishtalar bog‘lab turishi”ni ta’kidlagan.
Qutlovda Pokiston O‘zbekiston bilan turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani qayd etilgan.
Izoh (0)