O‘zbekiston sanoat korxonalarining Dushanbeda 25 yil ichida birinchi marta uyushtirilgan ko‘rgazmasi katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Ko‘rgazma va biznes-forum davomida 50 million dollarlik memorandumlar, kelishuv va shartnomalar imzolandi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
17–20-aprel kunlari davom etgan ko‘rgazmaga jami 20 ming kishi tashrif buyurdi.
“Poytaxt-90” savdo markazida o‘tgan ko‘rgazmada O‘zbekistonning 160 kompaniyasi ishtirok etgan bo‘lib, ular 1500 turdagi mahsulotlarini taqdim etdi. Elektrotexnika, kabel-sim, kimyo, neft-kimyo, farmatsevtika, santexnika, tekstil, oziq-ovqat, teri-ko‘nchilik, qurilish sohalari taqdim etildi.
Ko‘rgazma doirasida o‘tkazilgan biznes-forum ishida ikki mamlakat ishbilarmon davralarining 500 ga yaqin vakillari ishtirok etdi. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklaridan birining maydonlarida “Tojikagrolizing”, fermer va dehqonlik xo‘jaliklari ishtirokida “O‘zagrotexsanoatxolding” qishloq xo‘jalik texnikasi namoyishi o‘tkazildi. Namoyish yakunlariga ko‘ra 3 million dollarlik kelishuvlar imzolandi.
Tojikiston investitsiyalar va davlat mulki bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Fayziddin Qahhorzodaning ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 5,7 barobarga o‘sib, 69,2 million dollarni tashkil etdi.
Izoh (0)