Endi shahar yo tumandagi barcha masala uchun hokim bilan birga prokuratura, ichki ishlar va soliq organlarining shu hududdagi birinchi rahbarlari teng javobgar bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Mazkur yangi tartib Toshkentning Olmazor tumanida 18-aprel kuni tashkil etilgan sayyor qabulda ham o‘z isbotini topdi.
“Murojaatlar bilan ishlashda ishchi guruhlar tuzganmiz, ular boshqa mutasaddilar bilan hamkorlikda muayyan ishlarni bajarmoqda, biroq bugun amin bo‘ldikki, hali tumanimizda o‘z yechimini topmagan, qonuniy yechimiga yetib kelinmagan muammolar ko‘p, – dedi Olmazor tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev. – Bunda eng asosiy masalalardan biri – yoshlarni sport, san’at, ilm-fan to‘garaklariga jalb qilish, tadbirkorlikka o‘rgatish, shu asosda chetdan kirib kelayotgan turli ta’sirlar doirasiga tushib qolishining oldini olish. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ham hali ancha ishlar qilishimiz kerak.
Bugungi sayyor qabulda asosan pasport tizimiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqdik. Ularda ham bir jihat ko‘rindiki, aholi hali qonunchilikdagi yangiliklar, mavjud tartib-qoidalardan to‘la xabardor emas. Demak, huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz lozim. Bu borada o‘zimizga tegishli xulosalar oldik”.
“Asosiy vazifamiz – aholi daromadlarini oshirish, soliq bazasini kengaytirish. Bu borada hali quyi bo‘g‘inda qilinadigan ishlar ko‘pligi ham bugungi sayyor qabulda o‘z isbotini topdi, – dedi Olmazor tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ravshan Hamroqulov. – Bu muammolar yechimi yangi korxonalar tashkil etish, aholiga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida yaqindan ko‘maklashishni taqozo etadi. Chunki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan odam oilasini boqadi, barcha hayotiy muammolarini o‘zi hal qiladi va davlatga soliq to‘lab, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi”.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)