Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ito Nobuaki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Qabul chog‘ida Ichki ishlar vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Yaponiya va O‘zbekiston xalqlari ruhan yaqin ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat davlatlararo, balki idoralararo aloqalar ham tobora rivoj topayotgani qayd etildi.
Jumladan, O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlari delegatsiyalar tarkibida bir necha bor Yaponiyada bo‘lib, tajriba o‘rganib qaytgani yodga olindi.
Ito Nobuaki, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor etdi.
O‘zaro muloqot chog‘ida Ito Nobuaki xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining fidoyiligi, kasb mahorati yuqori bahoga loyiqligini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuv chog‘ida boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)