O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 saralashidagi taqdiriga yana 3 ta o‘yindan so‘ng oydinlik kiritiladi.
12-iyun kuni saralashning 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi va unda Samvel Babayan jamoasi Eronga qarshi saf tortadi. Tehrondagi o‘yin Karlush Keyrush jamoasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Boisi eronliklar O‘zbekistonni mag‘lub etib, Jahon chempionati chiptasini naqd qilishi mumkin.
Shu tomondan olib qaraganda, Eronga qarshi o‘yin oson o‘tmaydi. Tomonlarning Toshkentda bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinida forslar 1:0 hisobida zafar quchgan bo‘lib, o‘zbekistonlik futbolchilar raqib darvozasiga bitta ham aniq zarba bermagandi. Eron esa ortda qolgan 7 ta tur davomida o‘z darvozasidan 1 ta ham gol o‘tkazib yubormadi.
31-avgust kuni 9-tur o‘yinlari start oladi. Shu kuni O‘zbekiston terma jamoasi safarda Xitoyga qarshi saf tortadi. Marchello Lippi jamoasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritish imkoniyati saqlanib turgani inobatga olinsa, Chin o‘lkasida kechadigan uchrashuvning ham ancha og‘ir o‘tishini taxmin qilish mumkin. Tomonlarning Toshkentdagi o‘yini O‘zbekistonning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi.
5-sentabr kuni saralashning so‘nggi o‘yinlari o‘tadi. Shu kuni Janubiy Koreya terma jamoasi Toshkentda mehmon bo‘ladi. Seulda O‘zbekiston hisobda oldinda bora turib, yakunda o‘z darvozasidan ikkita gol o‘tkazib yuborgandi.
Izoh (0)