AQShning Merilend shahrida yashaydigan 29 yoshli Jon Reyn Rivello 2016-yilning dekabr oyida Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali epilepsiya (tutqanoq) bilan kasallangan yozuvchi Kurt Eyxenvaldga pirpiraydigan xabar (tvit) jo‘natgani uchun hibsga olindi, deb yozadi TJournal.
The New York Times’ning qayd etishicha, Jon Rivello qilmishi uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tutqanoqdan keyin yozuvchi bir necha kun harakatsiz yurdi, chap qo‘li sezishdan to‘xtadi va nutqida muammolarga duch keldi.
Jon Rivelloning tvitini quyidagicha tarjima qilish mumkin: “Sen yozgan postlaring uchun tutqanoqqa loyiqsan”.
Tergovning aniqlashicha, hibsga olingan erkak rejalashtirilgan hujumni Twitter’dagi boshqa foydalanuvchilar bilan muhokama qilib, Eyxenvaldning o‘lish-o‘lmasligi haqida o‘ylagan. Tergov, shuningdek, Rivello “Epilepsy.com” sayti orqali tutqanoqni keltiradigan omillarni o‘rganib chiqqanini aniqladi.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, noxush hodisadan keyin unga yana 40 nafarga yaqin kishi pirpiraydigan animatsiyali xabarlar jo‘natgan.
Uyushtirilgan hujum sabablari hozircha oshkor qilinmayapti. Ammo Eyxenvald Twitter orqali AQSh prezidenti Donald Trampni doimiy ravishda tanqid qilishi hujumlarga sabab bo‘lgani taxmin qilindi.
Kurt Eyxenvald Newsweek va Vanity Fair jurnallari bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, u bir qator kitoblar, jumladan, “Axborotchi” va “Uoll-stritning qumli qasri” kitoblari muallifi hisoblanadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)