Janubiy Koreya Respublikasi Xitoyning norozi ekanligiga qaramasdan, AQSh bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Bu haqda mamlakat milliy mudofaa vazirligi rasmiy vakili Mun San Gyun Seuldagi brifingda ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Qo‘shma mashg‘ulotlar davom ettiriladi. Har yili o‘tkaziladigan mazkur tadbirlar faqat mudofaa maqsadlarini ko‘zlaydi”, — deb ta’kidladi harbiy.
1-martdan boshlab Janubiy Koreyada Foal Eagle yirik ko‘lamli mashg‘ulotlar boshlandi, 13-martdan esa Key Resolve shtab-qo‘mondonlik mashg‘ulotlari boshlanadi.
AQSh Foal Eagle’da ishtirok etish uchun Koreya yarimoroli hududiga strategik qurol-aslahalar, jumladan, Carl Vinson aviatashuvchisi va B-1B va B-52 bombardimonchi samolyotlarini joylashtirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Xitoy hukumati Janubiy Koreya—Amerika harbiy mashg‘ulotlaridan jiddiy tashvishda ekanligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)