Yevropa Chempionlar ligasining chorak finaliga yo‘l olish uchun “Bavariya” Londonning “Arsenal” klubi darvozasiga ikki o‘yinda 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Myunxen klubi guruh bosqichidagi olti bellashuvda 14 ta gol ura olgandi.
Tomonlarning Germaniyadagi o‘yini kabi tumanli Albiondagisi ham 5:1 hisobi bilan yakunlandi. 20-daqiqaga kelib Teo Uolkott Arsen Venger jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa-da, keyingi gollar faqatgina “to‘pchilar” darvozasiga kiritildi.
Ikkinchi bo‘limning 8-daqiqasida hakam Loran Koselniga qizil kartochka ko‘rsatdi, qo‘shimchasiga “Arsenal” darvozasiga penalti belgiladi. Robert Levandovski 11 metrlik jarimani aniq amalga oshirib, “Arsenal” futbolchilarini ruhan tushirib yubordi.
Keyinroq Aryen Robben va Duglas Kosta 1 tadan, Arturo Vidal esa 2 ta gol urib, hisobni londonliklar uchun sharmandali ko‘rinishga olib keldi.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” Chempionlar ligasining nimchorak finalidan ketma-ket yettinchi mavsum o‘ta olmaydi. “Bavariya” esa Xosep Gvardiola boshqaruvida so‘nggi uch mavsum o‘z ishtirokini yarim finalda yakunlagan. Karlo Anchelottining bu boradagi natijasi qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final 7-mart, seshanba
Izoh (0)