24-fevral kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.
Majlisda “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik- protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga va “Sudlar to‘g‘risida”gi hamda “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirishga, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga majburiy “jamoat ishlari”ning kiritilishi munosabati bilan qamoq tariqasidagi jinoiy jazo bekor qilinadi. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, dastlabki tergov, shuningdek, fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilmoqda.Mazkur huquqiy hujjatlarni muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdi va qonun loyihalari birinchi o‘qishda qabul qilindi.Shuhrat Mamajonov, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)