O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi tashkil etiladi.

Qarorda qayd etilishicha, bu haqdagi taklif Fanlar akademiyasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan berilgan.

Prezident akademiyaning Navoiy bo‘limini saqlash, uning amaliy va innovatsion tadqiqotlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xarajatlarini Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisobidan qoplash haqida ko‘rsatma bergan.

Ayni vaqtda, Navoiy bo‘limi raisi o‘z maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidentiga tenglashtirilgan.

Qaror sharhida bayon etilishicha, bu qaror “Navoiy viloyati hududini kompleks rivojlantirishda, mavjud sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashda akademik fan imkoniyatlaridan keng foydalanish imkoniyatini beradi”.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!