Pekin rasmiylari 2017-yilda ilk bor Xitoy poytaxtida odamning H7N9 parranda grippiga chalinish holatini qayd etdi. Bu haqda 12-fevral, yakshanba kuni “Sinxua” agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Bemor Xebey provinsiyasiga qo‘shni Lanfan shahrida istiqomat qiluvchi 68 yoshli Chjan ismli erkak ekanligi aniqlandi. Hozirgi paytda u shifoxonada og‘ir ahvolda ekanligi ma’lum qilinmoqda.
Erkakda kasallik belgilari 29-yanvar kuni yuzaga chiqa boshlagan. Unga mahalliy shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, 6-fevral kuni Pekinga ko‘chirilgan. 11-fevral, shanba kuni pekinlik shifokorlar uning parranda grippiga chalinganligini tasdiqladi.
XXR sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2016-yilning dekabr oyi boshidan buyon Xitoyda odamlarning H7N9 parranda grippiga chalinishi bilan bog‘liq 106 ta holat aniqlangan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)