Nomzodi Toshkent shahar fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ilgari surilgan hamda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 12 kishi 8-fevral kuni ekologik nazorat bo‘yicha jamoatchi inspektor guvohnomasini qabul qilib oldi. Bu haqda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Tez orada ushbu guvohnoma mamlakat bo‘yicha 750 dan ziyod kishiga beriladi. Avvalroq jamoatchi inspektorlar uchun 20 mingdan ziyod fuqaro nomzod sifatida tanlab olingani ma’lum bo‘lgan edi.
Atrof-muhit holatini nazorat qilish, uning ifloslanishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik yoxud salomatlikka tahdid solishga sabab bo‘luvchi holatlarni aniqlash, davlat organlari va fuqarolarni atrof-muhitdagi o‘zgarishlar haqida ogoh qilish jamoatchi inspektorlarning vazifalari hisoblanadi. Inspektorlar, shuningdek, aholi o‘rtasida axborot va tushuntirish ishlarni ham olib borishi mumkin.
Ekologik nazorat bo‘yicha jamoatchi inspektor bo‘lishni istagan fuqarolar endilikda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan Tabiatni muhofaza qilish sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv-uslubiy markazida ta’lim olishi mumkin. Markazda maxsus dastur va kurslar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga jamoatchi inspektor guvohnomasi topshiriladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)