O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Server Jeparov oldindagi 6 oy davomida “Fulad Sepaxon” tarkibida to‘p suradi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Tehronning “Istiqlol” klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan Jeparovni fors klubi ro‘yxatdan o‘tkaza olmadi. Jamoa 2016-yilgi mavsum o‘z safida to‘p surgan germaniyalik futbolchiga maoshini to‘liq bermagani uchun FIFA tomonidan jazolangani bunga sabab bo‘ldi.
“Istiqlol” Jeparovning o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkinligini hisobga olib, uni o‘ziga raqib bo‘lsa-da, “Fulad Sepaxon” klubiga ijaraga berdi. FIFAning jazo muddati yozgi transfer vaqtida yakuniga yetadi hamda Jeparov 500 ming dollarlik shartnomasida davom etib, Tehron klubiga qaytib keladi.
“Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Fulad Sepaxon” tarkibida Jeparovdan tashqari yana ikki legioner futbolchi bor: braziliyalik Li Oliveyra hamda malilik Mussa Kulibali. Bu borada o‘zbekistonlik futbolchi osiyolik legioner limitini to‘ldirgan.Eron Pro ligasining 19-turidan keyin “Fulad Sepaxon” klubi turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi va peshqadam “Persipolis”dan 16 ochko ortda qolmoqda.
Avvalroq Server Jeparovning amaldagi chempion hisoblangan “Istiqlol Xuziston” klubida to‘p surishi haqida xabar chiqqandi, biroq u o‘zini oqlamadi.
“Fulad Sepaxon”ni ayni vaqtda Abdulloh Veysi murabbiy sifatida boshqarmoqda. Aynan shu mutaxassis o‘tgan mavsum “Istiqlol Xuziston” klubini mamlakat chempionligi sari yetaklab kelgani aytilgan. Biroq nima sababdan chempion jamoadan ketib qolganiga oydinlik kiritilmagan. “Istiqlol Xuziston” Osiyo Chempionlar ligasida to‘p suradi, Jeparovning yangi jamoasi esa xalqaro maydonda ishtirok etayotgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, “Fulad Sepaxon” uy uchrashuvlarini 75 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Naqshi jahon” stadionida o‘tkazadi.
Izoh (0)