Kecha — 1-fevral kuni Ispaniya kubogining final chiptasi uchun “Atletiko” va “Barselona” klublari Madriddagi “Visente Kalderon” stadionida o‘zaro saf tortdi. Uchrashuv kataloniyaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
To‘qnashuvdan keyin har ikki klub bosh murabbiylari jurnalistlar bilan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ikki o‘yindan iborat to‘qnashuv uchun yaxshi ibtido. Bizni “Visente Kalderon”da qiyin uchrashuv kutib turganini bilgandik.Birinchi bo‘limda xavfli hujumlar yaratdik va ulardan foydalandik. Ikkinchi bo‘lim birinchisidan katta farq qilmadi. Biroq unda “Atletiko” ko‘proq hujum qildi va biz bo‘sh zonalar yarata olmadik. Raqib gol urib olgach, kurashga qaytib kirgandek bo‘ldi. Chunki hali hech narsa hal bo‘lib ulgurmagandi. Biz gol urib, ko‘p narsani hal qilishimiz ham, gol o‘tkazib ahvolimizni qiyinlashtirishimiz ham mumkin edi.
O‘yin haqida salbiy fikrlar? Men ikki jamoa haqida ham yomon fikr bildirmoqchi emasman. Balki yaxshiroq o‘ynashimiz ham mumkin edi. Biroq bunisi endi teoriya.
Endi kim ko‘proq tavakkal qilishi aniq. “Atletiko” “Kamp Nou”da o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi. Biz esa to‘pni ushlab turishga va yana bir marta zafar quchishga urinamiz.
Luis Enrike, “Barselona” bosh murabbiyi
“Barselona” o‘yinni yaxshi boshladi. Ular yarim himoya xatosidan foydalanib, hisobni ochib olishdi. Keyin Messi o‘zining chiroyli golini urdi. Bu esa bizning birinchi taym uchun qilgan rejalarimiz va qurgan o‘yin taktikamizni buzib yubordi.Ikkinchi taymda o‘zimizga ko‘proq o‘xshadik. Hisobni tenglashtirib olishimiz mumkindek ko‘ringandi, biroq “Barselona”dan 0:2 hisobida yengilib turib, keyin yetib olish oson emas.
Yechinish xonasida nima dedim? Bu o‘sha yerning o‘zida qoladi. Aytishim mumkin bo‘lgani menga ikkinchi taymdagi o‘yinimiz yoqdi.
“Barselona” bellashuv favoritimidi? Men oldin ham bu haqda aytgandim va hozir ham aytishga tayyorman. Biroq kubok biz uchun ham kerakli turnir.
Biz vaziyatni o‘z tomonimizga og‘dirish uchun hamma ishni qilamiz. “Barselona” ham o‘yin taqdiri hal bo‘lmaganini tushunib turibdi. Bizni yana bir qiziqarli bellashuv kutib turibdi.
Diyego Simeone, “Atletiko” bosh murabbiyi
Pyer-Emerik Obameyang
“Atletiko” va “Barselona” Ispaniya kubogi finalchisi nomini aniqlashga urinib yotgan bir paytda, “Borussiya Dortmund” safida tinimsiz gol urayotgan Pyer-Emerik Obameyang “Real”ga o‘tish niyati borligini ma’lum qildi.Agar yangi bosqichga chiqishni istasam, yozda klubni tark etishim kerak. O‘ylashimcha, “Real” men uchun maqbul variant. Bu mavzu yetarli darajada aks-sado ham berib turibdi.Ko‘pchilik meni Angliyada ko‘rishni istaydi. Biroq APL men to‘p surishni istaydigan liga deb ayta olmayman. Menga La liga ko‘proq yoqadi. Parij ham yomon variant bo‘lmasdi. Ahir fransuz tili mening ona tilim.
Pyer-Emerik Obameyang, “Borussiya Dortmund” a’zosi