Ispaniya kubogining amaldagi egasi hisoblangan Kataloniyaning “Barselona” klubi navbatdagi final sari qadam tashladi. Yarim finalning ilk uchrashuvini Madriddagi “Visente Kalderon” stadionida o‘tkazgan Luis Enrike jamoasi 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Uchrashuvdagi birinchi gol Xavyer Maskeranoning to‘p oshirishidan so‘ng Luis Suares tomonidan urilgan bo‘lsa, oradan 25 daqiqa vaqt o‘tib Lionel Messi Ivan Rakitich tomonidan yetkazib berilgan to‘pni Anxel Moyya qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limga kelib “Atletiko” mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun bor kuchini ishga soldi va faqatgina 1 ta gol bilan cheklandi. Antuan Grizmann tomonidan o‘yinning 59-daqiqasida urilgan gol bahs taqdirini hal qildi — 1:2. Javob o‘yini 7-fevral kuni “Kamp Nou” arenasida bo‘lib o‘tadi.
Bugun — 2-fevral kuni yarim finalning ikkinchi juftligi doirasida “Selta” “Alaves” futbolchilarini qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 3-fevralga o‘tar kechasi soat 1 da start oladi.
Ispaniya kubogi Yarim final 1-fevral, chorshanba