O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Server Jeparov Tehronning “Istiqlol” klubi bilan 1,5 yillik shartnomaga imzo chekkan bo‘lsa-da, yangi jamoasi safida birorta ham o‘yinda ishtirok eta olgani yo‘q.
Jeparov “Istiqlol” a’zosi bo‘lgani ma’lum qilinganidan ko‘p o‘tmay, Tehron klubi yanvar oyida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmasligi borasida gap chiqdi. Chunki “Istiqlol” 2016-yilgi mavsumda shu klub sharafini himoya qilgan germaniyalik yarim himoyachi Odil Chixini norozi qilgan va uning maoshlarini to‘liq to‘lab bermagan. Bundan voqif qilingan FIFA esa yanvar oyi uchun “Istiqlol”ga cheklov qo‘ygan.
Buning oqibatida nafaqat Server Jeparov, balki Eron milliy terma jamoasining yanvarda “Istiqlol”ga ko‘chib o‘tgan sardori Andranik Teymuriyon ham o‘yin amaliyatisiz qolib ketishi mumkin edi. “Championat.asia” nashrining fors matbuotiga asoslanib xabar berishicha, “Istiqlol” Jeparovni boshqa jamoaga ijaraga berishga yaqin.
Qiziq tomoni, Jeparovning yangi jamoasi ham “Istiqlol” deb nomlanadi. Shunchaki u Tehron emas, balki Xuzistonga tegishli. Xuzistonliklar o‘tgan mavsum sensatsion tarzda Eron chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ayni paytda ichki chempionatda bor-yo‘g‘i 10-o‘rinni egallab turibdi. Shunga qaramay, mamlakatning amaldagi chempioni sifatida “Istiqlol Xuziston” Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Klub musobaqaning “B” guruhida Amirliklarning “Al-Jazira” va Qatarning “Lahviya” klublariga qarshi kurash olib boradi. Agar Qarshining “Nasaf” klubi pley-off bosqichidan o‘ta olsa, shu guruhga qo‘shiladi.
Ma’lumot uchun, Xuzistonning “Istiqlol” klubi 2008-yilda tashkil topgan. Uning uy uchrashuvlari salkam 39 ming muxlisga mo‘ljallangan “G‘adir” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)