Avstraliyaning mashhur avtopoyezdlari uzunligi 50 metrdan oshadi va yettitagacha tirkamadan tashkil topadi. Lekin bu LeTourneau – noyob avtopoyezd bilan taqqoslaganda hech narsa emas. “Motor” nashri 1940-yillar oxirida yaratilgan LeTourneau haqida hikoya qilib berdi.
XX asrning 40-yillari oxirida dunyo yadroviy urush yoqasiga kelib qoldi. Sobiq ittifoq va AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilik qurolli poygaga sabab bo‘ldi. Sobiq ittifoq harbiy kuchlari bir nechta zarbalar bilan avtomobil va temiryo‘l harakatini portlatib yuborishini taxmin qilgan AQSh Mufodaa vazirligi Texasning LeTourneau kompaniyasiga yadro urushi oqibatida zarar ko‘rgan og‘ir buyumlarni tashishga qodir avtopoyezdlar ishlab chiqarishga buyurtma berdi. LeTourneau bejizga tanlanmadi: 1953-yili kompaniya og‘ir daraxtlarni tashishga qodir (suratdagi) VC-12 Tournatrain bilan shuhrat qozongandi.
LCC-1 nomli yangi avtopoyezdning birinchi prototipi 1956-yilning kuzida tayyor bo‘ldi va tajriba o‘tkazish uchun darhol Grenlandiyaga yuborildi. Avtopoyezd to‘rt qism – Sno-Train shatakchi va uchta tirkamadan tashkil topgan edi.
Sno-Train 600 ot kuchiga teng Cummins dvigateli yordamida harakatga kelardi. U o‘z tirkamalaridan tashqari qo‘shimcha 45 tonna yukni botqoqli joylar va chuqurligi 2 metr bo‘lgan havzalardan olib o‘tishga qodir edi. Tajriba 1962-yilgacha davom etdi. O‘sha yilning o‘zida LeTourneau TC-497 Overland Train Mark II – tarixga aylangan avtopoyezdning ikkinchi prototipi yaratildi.
LeTourneau TC-497 Overland Train Mark II avtopoyezdining tirkamalari 12 taga, 3,5 metrli Firestone g‘ildiraklari soni esa 54 tagacha oshirildi. Mashina 150 tonnagacha bo‘lgan yukni tashishga mo‘ljallangan edi. Natijada ushbu avtopoyezdning uzunligi aqlbovar qilmas 173 metrni tashkil qildi va bugungi kungacha mazkur rekord saqlanib qolmoqda.
Antenna bilan balandligi 9 metrga teng bo‘lgan shatakchi endi dizel emas, gazoturbo dvigateli bilan jihozlangandi. Dvigatel bitta emas, to‘rtta bo‘lgan va jami 4680 ot kuchiga teng edi. Katta quvvatga ega bo‘lgan avtopoyezd o‘zining 450 tonna og‘irligidan tashqari to‘liq yuklanganida soatiga 35 kilometrgacha tezlikni olardi.
“Mark 2” avtopoyezdi tarkibni boshqaradigan elektron tizim bilan jihozlangan edi. Buning evaziga u to‘siqlardan ilon singari o‘tishga qodir edi. Eng qizig‘i, ushbu elektron tizimni boshqarish uchun alohida operator kerak bo‘lmagan, haydovchining o‘zi bu ishni uddalardi.
Shunga qaramay, butun tarkibni to‘liq ishlatish uchun 6 kishidan iborat ekipaj zarur bo‘lgan. Ular uchun maxsus xonalar yaratilgan bo‘lib, ichida uxlash uchun joy, hojatxona, oshxona va hatto kiyimlarni yuvish uchun kir yuvish xonasi bo‘lgan.
1962-yili AQSh Mudofaa vazirligi TC-497 o‘rniga Sikorsky CH-54 Tarhe vertolyotlarini universal transport sifatida ma’qul topdi va avtopoyezd loyihasi yo‘q qilinishiga bir bahya qolgandi. Shunga qaramay, avtopoyezd 1969-yilgacha sinovdan o‘tkazildi. Vertolyotlar arzonroq edi va ularga yo‘l kerak emasdi.
TC-497 loyihasi uchun AQSh soliq to‘lovchilarning 3,7 million dollarini ishlatdi. Sinovlar yakuniga yetgach, avtopoyezd 1,4 million dollar narx bilan sotuvga qo‘yildi, ammo xaridor topilmadi. Natijada, 1971-yili tirkamalar temir-tersak qilinib, metall sifatida topshirildi, shatakchi esa Yuma Proving Ground Heritage Center ekspozitsiyasiga topshirildi. U hozirgi kungacha o‘sha yerda turibdi.
Taqdir LCC-1 sostavining Sno-Train shatakchisini ham ayadi. Grenlandiyadagi sinovlardan so‘ng Sno-Train Kanadadagi Yukon Transportation Museum muzeyidan joy oldi.
PS. Adolat yuzasidan shuni qayd etish kerakki, aslida eng uzun (ammo foydasiz) avtopoyezd Avstraliyada yig‘ilgan. 113 ta tirkamadan iborat bo‘lgan Mack Titan 1474 metrni tashkil qilgandi. Biroq u to‘g‘ri yo‘nalishda atigi 140 metr masofani bosib o‘tgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)