Aksariyat ota-onalar bolalar bayramini mustaqil tashkil qilishni murakkab vazifa deb hisoblaydi va bunga professionallarni jalb etishni ma’qul ko‘radi. Biroq bayramni o‘zingiz ham tashkil qilishingiz mumkin. Bu ko‘p vaqt va kuch talab qilmaydi.
Birinchi navbatda bayram mavzusini tanlab oling. Bu “Mitti parining tug‘ilgan kuni”, “Betmen Supermenga qarshi” kabi mavzular bo‘lishi mumkin. Bunda bolaning yoshi va qiziqishlaridan kelib chiqish mumkin. G‘oyalaringiz parvozi aynan bayram mavzusidan kelib chiqishini hisobga oling.
Keyingi bosqichda bayram o‘tkaziladigan joyni aniqlab oling. Agar u kvartirada tashkil qilinsa, eng keng xona ajratilishi kerak. O‘yin va bayram dasturi alohida xonada, bayram dasturxoni esa boshqa xonada bezatilishi maqsadga muvofiqdir. Xonani tanlangan mavzuga mos plakatlar, pardalar bilan bezating. Fantaziyangizni ishga soling!
Bayramni kafe yoki bolalar klubida o‘tkazishga qaror qilgan bo‘lsangiz, uni mavzuga mos bezatish haqida muassasa ma’muriyati bilan oldindan kelishib olishingiz mumkin.
Albatta suratlar hududini tashkil qiling! Faqat suratlarni gulqog‘oz va shkafga yopishtirmang, bu juda zerikarli ko‘rinadi. Bunday yorqin devorni yaratish uchun girlyanda, sharlar va tug‘ilgan kuni nishonlanayotgan bolakayning suratlari kerak bo‘ladi.
Bolalarni mehmon qilish uchun ularning barchasiga xush yoquvchi pitssa, yoki buterbrodlar buyurtma qilish yoki tayyorlash mumkin. Muhimi ularni noodatiy bezatishga harakat qiling.
Bayram dasturidagi tanlovlarda sovg‘alar tarqatmagan ma’qul. Bu bolalarni chalg‘itib, ba’zan mojarolarni ham keltirib chiqaradi. Yaxshisi bayram so‘ngida barcha bolalarga shirinlik, suvenir yoki suratchalar tarqating.
Aziz farzandlaringiz bayramlari har doim qiziqarli o‘tishi va uzoq yillar yodda qolishiga tilakdoshmiz!
Izoh (0)