O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston mustaqilligi – millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Anjumanda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari rahbarlari, olim va mutaxassislar, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda “Millatlararo totuvlik – tinchlik va barqarorlik kafolati”, “Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dinlararo totuvlikni mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlar”, “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson”, “Millatlararo totuvlik – jamiyatdagi birlik va hamjihatlik omili” va boshqa mavzularda ma’ruzalar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurov, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak, Rim katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich va boshqalar mamlakatda amalga oshirilayotgan bag‘rikenglik siyosati O‘zbekistonda tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikning asosiy omillaridan bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbir doirasida “O‘zbekistonda bag‘rikenglik madaniyati” hujjatli filmi namoyish etildi. Turli millat vakillarining bugungi hayoti haqida hikoya qiluvchi “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” kitob-albomining taqdimoti o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)